Categories
Uncategorized

O‘zbekiston terma jamoasi 7 ta gol urilgan nazorat uchrashuvida “So‘g‘diyona”ni yengdi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentdagi yig‘in doirasida 9-avgust, yakshanba kuni “So‘g‘diyona” klubi bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazdi.

Foto: O‘FA

Uchrashuvning birinchi bo‘limida Aziz Turg‘unboyev va Hojimat Erkinov tomonidan kiritilgan gollar evaziga terma jamoa g‘olib holda tanaffusga yo‘l oldi. Ikkinchi bo‘limda yana beshta gol urildi.

Oybek Bozorovning dubli va Sanjar Qodirqulovning goliga, jizzaxliklar Shoxruz Norxonov hamda Daniel Nasriddinovning aniq zarbalari bilan javob qaytardi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida yig‘in o‘tkazmoqda. Yig‘in mazkur o‘yin singari koronavirus sabab yopiq tarzda o‘tkazilmoqda

Nazorat uchrashuvi

8-avgust, yakshanba

O‘zbekiston — “So‘g‘diyona” 5:2

Gollar: 1:0 – 10 Turg‘unboyev, 2:0 – 41 Erkinov, 3:0 – 65 Bozorov, 4:0 – 69 Bozorov, 4:1 – 80 Norxonov, 4:2 – 85 Nasriddinov, 5:2 – 89 Qodirqulov.

O‘zbekiston: O‘tkir Yusupov, Islom Qobilov, Dilshod Ahmadaliyev, Igor Golban, Nurillo To‘xtasinov, Sanjar Qodirqulov, Sharof Muhitdinov, Hojimat Erkinov, Lutfulla To‘rayev, Aziz Turg‘unboyev, Bobur Abduxoliqov.

Zaxiradan maydonga tushganlar: M. Muhammadjonov, Abdulla Abdullayev, Husniddin G‘ofurov, A. G‘ulomov, J. Hasanov, T. Abduxoliqov, O. Bozorov, H. Aliqulov.

Mavzuga doir: O‘zbekiston terma jamoasi Temur Kapadze qo‘l ostidagi O‘zbekiston U-19 ustidan irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Categories
Uncategorized

Braziliyada koronavirusning 100 ming qurboni sharafiga uch kunlik motam e’lon qilindi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Braziliya Oliy sudi mamlakatda koronavirus infeksiyasi asoratlaridan vafot etgan 100 ming kishining xotirasi uchun uch kunlik motam e’lon qildi. Bu haqda sud saytida axborot berilgan.

Foto: Cadena3

“Braziliyaliklarning dardiga hamdardlik belgisi sifatida va koronavirusdan vafot etgan 100 ming kishining har biri sharafiga Oliy sud uch kunlik rasmiy motam haqida qaror chiqardi”, — deyiladi axborotda.

Sud axborotida alohida ta’kidlanishicha, bu kabi fojia Braziliya tarixida bo‘lgan emas.

Avvalroq Braziliya Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi 24 soat ichida mamlakatda koronavirus qurbonlari soni 905 kishiga ko‘payib, 100 477 nafarga yetganini ma’lum qilgan edi. Jami kasallanish holatlari soni esa 3 milliondan oshgan.

AQShdagi Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliya koronavirus bemorlari va qurbonlari soni bo‘yicha jahonda yetakchilardan biri sanaladi — u bu borada faqat AQShdan ortda qolgan holda, dunyoda ikkinchi.

Qayd etish joiz, AQShda koronavirusga chalinganlar soni 5 million kishidan oshgan.

Categories
Uncategorized

Uzcard’ning ta’sischilari o‘zgardi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

“Yagona umumrespublika protsessing markazi” kompaniyasi (YaUPM, Uzcard brendi)ning ta’sischilari tarkibida o‘zgarish yuz berdi. Bu haqda, Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga asoslanib, “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

Avvalroq, may oyida Oybek Botirovich Tursunov Uzcard’ning ustav jamg‘armasidagi 75 foiz ulush egasiga aylangani, qolgan 25 foiz ulush esa Uzcard hisobida qolgani haqida xabar berilgan edi.

8-avgust holatiga ko‘ra endi kompaniyaning 51 foizi O‘zbekiston Milliy bankiga, 6 foizi “Sanoatqurilishbank”ga, 6 foizi “Asaka” bankiga, 6 foizi “Ipoteka-bank”ga va yana 6 foizi “Aloqabank”ga tegishli.

Qolgan 25 foiz ulush esa 6,25 foizdan to‘rt nafar jismoniy shaxs — Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Temur Mahmudjonovich Ozodov va Obid Alimjonovich A’zamxo‘jayev o‘rtasida taqsimlangan.

“Gazeta.uz”ning yozishicha, Kamron Akbarov avvalroq Uzcard bosh direktorining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlagan, Temur Ozodov esa jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimini tatbiq etish bilan shug‘ullanuvchi ATTO kompaniyasi rahbari hisoblanadi.

Qayd etish joiz, bu Uzcard ta’sischilari tarkibining may oyidan beri birinchi o‘zgarishi emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘zgarishga qadar ma’lum bir muddat kompaniyaga besh nafar jismoniy shaxs — Oybek Botirovich Tursunov (74,80 foiz), Mansur Po‘latovich Usmonov, Kamron Anvarovich Akbarov, Temur Mahmudjonovich Ozodov va Obid Alimjonovich A’zamxo‘jayev (har biri — 6,30 foizdan) egalik qilgan.

Ahror Mahmudov Uzcard rahbari lavozimini saqlab qolgan. Ta’sischilar tarkibi nima sababdan o‘zgargani ma’lum emas.

Categories
Uncategorized

UFC prezidenti: Konor Makgregor nafaqada, u haqida o‘ylashga vaqtim yo‘q

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

UFC prezidenti Deyna Uayt promoushenning ikki vazn toifasi sobiq chempioni Konor Makgregor haqida o‘ylashga vaqti yo‘qlini ma’lum qildi.

Foto: UFC

“Konor nafaqada ekanini eshitdingizmi? Hozir turli ishlar bilan bandman va biznes yurityapman, Konor haqida hatto o‘ylamayapman.

U nafaqada, u jang qilmaydi, shu sabab boshqa jangchilar bilan shug‘ullanyapman. Yakkakurashchilar bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, ularga yiliga uchtadan jang tashkil etib berishim kerak.

Agar bu ishni qilmasam, ularga pul to‘lashimga to‘g‘ri keladi. Konor nafaqada. Agar uning o‘zi menga jang qilmoqchi ekanini aytsa, u holda variantlarni muhokama qilamiz”, — deydi Uayt.

Eslatib o‘tamiz, irlandiyalik yakkakurashchi iyun oyida faoliyatini yakunlashini ma’lum qilgandi.

Mavzuga doir:

Konor Makgregor MMA’da 26 jang o‘tkazib, ularning 22 tasida g‘olib chiqqan (20 ta muddatidan avval) va 4 bor mag‘lub bo‘lgan.

Konor Makgregor ishtirokidagi barcha janglar videosini bu yerda tomosha qiling (video).

Categories
Uncategorized

Bayrutdagi hukumatga qarshi namoyishlar (foto)

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Livan poytaxtidagi hukumatga qarshi namoyishlarda 5000 nafar ishtirokchi orasidan hozirgacha 728 nafar odam jarohatlangani, bir nafar politsiya zobiti halok bo‘lgani aytilmoqda. Namoyishchilar Bayrutdagi portlashdan so‘ng hukumatning iste’fosini talab qilmoqda. Ular tashqi ishlar, iqtisodiyot, energetika va atrof-muhit vazirliklarining binolarini ishg‘ol qilgan. Bosh vazir Hasan Diab mamlakatda parlamentga muddatidan oldin saylov o‘tkazish taklifini ochiqladi. Uning fikricha, 4-avgustda ro‘y bergan portlash aynan korrupsiya hosilasi va namoyishchilarning ayni talabi to‘la asosli.

O‘z navbatida AQSh hukumati livanlik namoyishchilarning tinch namoyish o‘tkazish huquqlarini qo‘llab-quvvatlashini, ammo ishtirokchilarni xunrezliklardan tiyilishga chaqirishini bildirdi.

Foto: Al Jazeera

Foto: Daylife

Foto: AP Photo

Foto: Al Jazeera

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Al Jazeera

Foto: EPA

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: EPA

Foto: EPA

Foto: EPA

Foto: AFP

Foto: AP Photo

Foto: EPA

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Foto: AFP

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: Getty Images

Foto: Reuters

Foto: Reuters

Foto: AP Photo

Categories
Uncategorized

“Bizga uskunalar ajratishmayapti, va’da qilingan mukofot pullaridan darak yo‘q” — Toshkent viloyatining bosh infeksionisti murojaati

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh vrachi, Toshkent viloyatining bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva davlat tomonidan koronavirusga chalingan bemorlar davolanayotgan davlat tibbiyot muassasasiga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani haqida jamoatchilikka murojaat qildi. Uning murojaati “Kun.uz” tomonidan e’lon qilindi.

“Men Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh vrachiman. Shifoxonamiz 1960-yilda tashkil topgan. Boshida bu shifoxona Chirchiq shahriga qarashli bo‘lib, 100 ta koykaga mo‘ljallangan bo‘lgan. So‘ngra koykalar soni 80 tagacha qisqartirildi, keyinroq, 2000-yilda Chirchiq shifoxonasi viloyat shifoxonasiga o‘tkazildi. Bu yerdagi reanimatsiya va qabul bo‘limlari ham qisqarib ketdi.

Prezidentning 2017-yil 6-sentabrdagi qarori bilan men Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasining bosh vrachi etib tayinlandim. Kelganimda bu yerda na reanimatsiya, na qabul bo‘limi, na OITV bo‘limi bor edi — faqat o‘tkir ichak infeksiyalari va havo-tomchi infeksiyalari bo‘limi faoliyat ko‘rsatardi.

Bu yerda ish boshlagan davrimda Prezidentning bir qator qarorlari chiqdi, ular asosida birinchi galda reanimatsiya bo‘limi tuzilmasini tashkil etdik. Chunki bu muhim edi, og‘ir kasallarni Toshkent viloyati bo‘yicha olib boradigan joy yo‘q edi.

Toshkent viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga reanimatsiya bo‘limini qayta jihozlash va uskunalar bilan ta’minlashda moliyaviy yordam so‘rab bir necha bor murojaat qildik, lekin murojaatlarimiz javobsiz qolib ketdi.

Prezident qaroriga ko‘ra tuzilmaga o‘zgartirishlar kiritildi va OITV bo‘limini ochdik, chunki Toshkent viloyatida bittayam OITV bo‘limi yo‘q edi. Avvaliga OITV bo‘limida 10 ta, so‘ngra 20 ta koyka ochildi. Xuddi shuningdek, OITV bo‘limini qayta jihozlash hamda zarur uskunalar uchun mablag‘ so‘rab xat yozdik.

15-mart kuni pandemiya e’lon qilingach, ertasiga shifoxonamizni karantin zonasi sifatida yopib qo‘yishdi. Bizga shunchaki COVID-19 yuqtirganlikda gumon qilinganlar emas, isitmasi ko‘tarilgan va COVID-19’ning dastlabki klinik simptomlariga ega insonlarni yotqiza boshlashdi.

Adashmasam, 2020-yilning 30-yanvarida zarur sharoitlar yaratish va kerakli uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha Prezident qarori chiqqandi. Biroq mart oyida ham bizga hech qanday uskuna yetkazib berilmadi.

Karantin zonasida ishlab, ancha bilim-ko‘nikmalarni oshirib olganimizdan so‘ng ikkinchi karantinda bizga nimalar, qanday preparatlar kerakligini bilardik. Zarur narsalarni ko‘rsatib xat yozganimizda ikki kundan so‘ng bizning bemorlar va tibbiyot xodimlarimizni O‘rtasaroy karantin zonasiga o‘tkazish to‘g‘risida buyruq keldi.

Butun O‘zbekistonda tibbiyot xodimlari va sog‘aygan bemorlar gullar bilan uyiga kuzatilayotganida bu yerga kuzatuv ostida avtobuslarda keltirishardi, ular orasida ‘musbat’ natijali bemorlar ham bor edi, ularni ‘vagonchalar’ga jo‘natishardi. Bizning xodimlarni ham ‘vagonchalar’ga jo‘natmoqchi bo‘lishdi. Lekin men viloyat hokimi va sog‘liqni saqlash vaziriga murojaat qilib, hech bo‘lmasa minnatdorlik tariqasida vrachlarimiz 14 kunlik karantinni o‘z shifoxonasi hududida o‘tashini so‘radim. Xodimlarimizga ichki karantinni yakunlaganimizdan keyin o‘z funksional majburiyatimizni yuqumli kasalliklar bo‘limi sifatida davom ettirishimiz haqida buyruq chiqdi.

Shundan so‘ng SSVning buyrug‘i chiqdi, unda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasini koronavirus yuqtirgan bemorlarni qabul qilish va davolashga tayyorlash ko‘rsatilgan edi — bu vazirning 82-sonli buyrug‘ida aytilgan. Bizni yana e’tiborsiz qoldirib, hech qanday uskuna bermasdan boshqa muassasalarni ta’minlay boshlashdi. Holbuki, biz bosh infeksion markaz hisoblanamiz.

Biz qator idoralarga, jumladan, Toshkent viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasiga Prezident qaroriga ko‘ra bizga va’da qilingan mukofot pullarini so‘rab xat yozdik. Balki, bu taqdir hazilidir, Toshkent viloyat SSBning 209-buyrug‘i chiqdi, unga ko‘ra bizda yotgan bemorlar boshqa muassasaga ko‘chirildi. Aniqlanishicha, bizning bemorlarimizni davolash uchun mukofot pulini ular ko‘chirilayotgan shifoxonadagi xodimlar olishar ekan.

Bizga SSVdan qo‘ng‘iroq qilishib, ‘sizlarga 10 ta oksigenerator ajratildi, Zangiotadagi ombordan olib ketishingiz mumkin’, deb aytishdi. Mashina jo‘natdik, uskunalar yuklanayotgan paytda Toshkent viloyat SSB bosh buxgalteri qo‘ng‘iroq qilib, To‘raqul Sodiqovich nomidan ‘berilmasin’, deb aytdi va uskunalar berilmadi.

Shundan so‘ng blogerlardan menga yordam qilishlarini so‘radim. Bu holat oshkor bo‘lgach, bizga uchta oksigenerator berishdi. Ertasi kuni yana 12 ta oksigenerator berildi. 12 ta oksigenerator bilan 120-130 nafar bemorni davolamoqdamiz. Bizga chirchiqlik volontyorlar to‘rtta oksigenerator hadya qilishdi. Sog‘liqni saqlash vazirining 188-sonli buyrug‘ida SSB boshliqlari har bir bemorni kislorod bilan ta’minlashi shartligi belgilab qo‘yilgan. Biz ta’minlay olmaymiz, bizda bunga imkoniyat yo‘q”, — deydi Guljahon Yo‘ldosheva.

Oksigenator mojarosi avvalroq yaxshigina shov-shuv bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi (SSB) axborot xizmati holatga munosabat bildirib, Guljahon Yo‘ldoshevani “shifokor sha’niga dog‘ tushiradigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish bilan shug‘ullanmoqda” deb ayblagan, sog‘liqni saqlash vaziri nomiga uni egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqish yuzasidan xat kiritilganini ma’lum qilgan edi.

Keyinroq Chirchiq davlat pedagogika instituti yotoqxonasi bazasida tashkil etilgan vaqtinchalik kasalxonaga ishga qabul qilingan bir guruh tibbiyot xodimlari OAV orqali ochiq murojaat yo‘llagan, unda ular bilan mehnat shartnomasi imzolanmagani, bemorlar uchun dorilar yo‘qligi ta’kidlangan edi. Bunga javoban e’lon qilingan Toshkent viloyati SSB bayonotida “masalani o‘rganish davomida Chirchiq davlat pedagogika instituti yotoqxonasi qoshida tashkil etilgan provizor shifoxonasining tibbiyot xodimlari bunday murojaatdan bexabar”ligi yozilgan edi.

Categories
Uncategorized

“Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov koronavirus asoratlaridan vafot etdi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi iqtisodiyot fanlari doktori, professor, “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Chingizovich Jalolovning 4-avgust kuni koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganini xabar qildi.

Sanjar Jalolov

Foto: O‘zbekiston Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi

Xabarga ko‘ra Sanjar Jalolov 2018-yilda O‘zbekistonga qaytgan va “Buyuk kelajak” kengashi ekspertlari tarkibiga kirgan.

Sanjar Jalolov Torontoda THETA Collaborative’da tibbiyot texnologiyalari bo‘yicha konsultant sifatida ishlagani bois O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasidagi ushbu yo‘nalishni baholashni taklif qilgan. Sog‘liqni saqlash texnologiyalarini baholash mamlakatga qaysi dori vositalari haqiqatda kerakligi va ularning real narxini chiqarish imkonini beradi.

“U o‘z g‘oyalari va xulosalarini rasmiy taqdimotlari va ommaviy axborot vositalaridagi maqolalarida aks ettirgan. U nima haqida gapirayotganini bilardi va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining samaradorligini ta’minlash eng yaxshi xalqaro tajribaning joriy etilishiga ishonardi”, — deyiladi xabarda.

Professor Sanjar Jalolov Toshkent farmatsevtika instituti hamda xalqaro Vestminster universitetida ma’ruzachi sifatida dars bergan. Universitetda Jalolov tashabbusi bilan jamoatchilik sog‘liqni saqlash fakulteti tashkil qilinayotgandi.

Bundan tashqari, iqtisodiyot fanlari doktori Sanjar Jalolov menejer sifatida turli xalqaro loyihalarda ishtirok etgan va nafaqat sog‘liqni saqlash tizimidagi iqtisodiy masalalar qishloq xo‘jaligi hamda davlat va jamiyat institutlarining rivojlanishi yuzasidan ham takliflar bergan. Sanjar Jalolov 58 yoshda bo‘lgan.

58 yoshli Sanjar Jalolov “Daryo” hisobi bo‘yicha O‘zbekistonda koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan 201-qurbon. Sog‘liqni saqlash vazirligi hisobiga ko‘ra, koronavirus qurbonlari 192 nafarni tashkil etmoqda.

Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan. Shuningdek, 19-iyul kuni Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova, 22-iyulda Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan. 31-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi, 53 yoshli Xayriddin Shermuhamedov, 1-avgust kuni Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov vafot etgani xabar berildi. Sanjar Jalolov ham 4-avgust kuni koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgani xabar qilingan. Biroq ushbu to‘qqizta holat haqida SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar orasida ilk o‘lim holati 27-mart kuni qayd etilgandi. Oradan 117 kun o‘tib — 22-iyulda qurbonlar soni 100 nafarga yetgandi. Qurbonlar soni yana 100 nafarga ko‘payishi uchun 18 kun yetarli bo‘ldi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ahvoli og‘ir bemorlar soni birinchi marta 1248 nafarni tashkil etmoqda, ulardan 274 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Categories
Uncategorized

Matteys de Ligt uzoq muddatga safdan chiqdi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

“Yuventus” himoyachisi Matteys de Ligt yelkasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishiga rozi bo‘ldi. Bu jarohat futbolchini noyabr oyidan beri bezovta qilib kelardi.

Foto: Twitter

“Hozir yelkamni operatsiya qilishlari kerak. Jarrohlik amaliyotisiz bo‘lmadi, endi bor e’tiborimni shunga qarataman”, — deydi futbolchi.

Football Italia nashrining xabar qilishicha, futbolchi operatsiyadan keyin noyabr oyiga qadar maydonga tusha olmaydi.

20 yoshli markaziy himoyachi joriy mavsum A Seriya 29 o‘yin o‘tkazib, 4 ta gol urdi va bitta golli uzatma muallifiga aylandi.

Turinliklar niderlandiyalik futbolchini 2019-yilning yozida 75 million yevro (yana 10 million bonus) evaziga “Ayaks”dan sotib olgandi

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Categories
Uncategorized

Xirosima o‘ylari. Atom asri bizga nimalarni va’da qilgan edi?

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Bundan roppa-rosa 75 yil muqaddam – 1945-yil 9-avgustda Yaponiyaning Nagasaki shahriga AQSh kuchlari yadroviy bomba tashlagan edi. Tarixda ikkinchi va oxirgi marta yadroviy qurol harbiy maqsadda qo‘llanilishi oqibatida (birinchi marta unda uch kun avval – o‘sha yilning 6-avgustida Yaponiyaning Xirosima shahriga shu turdagi bomba tashlangandi) Nagasakida o‘n minglab odamlar halok bo‘ldi, yuz minglab odamlar mayib-majruh bo‘lib qoldi. Bu Yaponiya tarixidagi eng yirik fojialardan biriga aylandi, shuningdek, AQShning eng katta harbiy jinoyati bo‘ldi.

Xirosima va Nagasaki butun insoniyatga yadroviy qurol dahshatlarini ko‘rsatib berdi. Shundan buyon progressiv insoniyat bu qurolni yo‘qotishga bo‘lgan urinishlarini to‘xtatmayapti, ammo yirik hokimiyatlar xalqaro maydonda kuch muvozanatini saqlash uchun yadroviy quroldan to‘la voz kechmayapti. Natijada insoniyat doimiy yadroviy urush tahlikasi ostida yashashga majbur bo‘lmoqda. Bu tahlika, ayniqsa, Sovuq urush yillarida avjga chiqib, millionlab odamlarning tinch hayotini buzgan.

9-avgust – Nagasaki fojiasi munosabati bilan “Daryo” kolumnisti Nurbek Alimov yadroviy qurol asrida yashashga majbur bo‘layotgan insoniyatning xavotirlari hamda bizni kutayotgan tahlikalar haqida fikr yuritadi.

XX asrning o‘rtalarida insoniyat yadroviy bombani ixtiro qildi va shundan keyingina u qanday dahshatli maxluq yaratib qo‘yganini anglab yetdi. Ilgari butun boshli shaharlarni bir zumda yo‘q qilib yuborish mumkinligini hech kim tasavvur ham qila olmagan. Atom bombasi paydo bo‘lishi bilan hech kim o‘zini xavfsiz his qila olmay qoldi. Ammo eng dahshatlisi ushbu qurol nafaqat katta davlatlarning siyosatiga ta’sir qildi – u o‘z izini san’at, madaniyat, ilmiy fantastika, hatto siz va menda ham qoldirdi…

Foto: Google Photos

Atom asri

XX asrning boshlarida ilmiy va sanoat inqilobi avjiga chiqdi va dunyo kelajakka optimizm bilan qaray boshladi. Asosiy sensatsiyalardan biri nurlanishning kashf qilinishi edi. Gazetalar radiatsiyaning turli sohalarda ishlatilishini muhokama qilish bilan kim o‘zarga yozardi. Radiatsiya saraton kasalligini davolashga yordam beradi, atom energiyasi har qanday yoqilg‘ining o‘rnini bosadi va hammaning uyida yadro generatorlari va yadroviy dvigatelli avtomobil bo‘ladi, deb ishonilgan.

Xirosima va Nagasakining bombardimon qilinishi esa dunyoda haqiqiy vahima uyg‘otdi. Ikkinchi jahon urushida ko‘plab shaharlar odatiy bombalar bilan vayron qilingan, ammo bu yangi qurol insonlarni dahshatga solib qo‘ygan edi. Matbuotda “do‘zax olovi”, “qiyomat kuni” va hatto “Frankenshteyn maxluqi” kabi iboralari yangray boshladi.

AQSh va Sovet Ittifoqi 1945-yildan 1954-yilgacha bir qator yadroviy va termoyadroviy qurollarning sinovlarini o‘tkazdi. Amerika bombalari, asosan, Nevada shtatidagi poligonlarda yoki Tinch okeanidagi Marshall orollarida sinovdan o‘tkazildi. Sinov natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “sirli” sarlavhasi ostiga yashiringan, ammo hamma ma’lumotlarni ham jamoatchilikdan yashira olishmagan.

Yadro bombasining so‘nggi qurboni

1954-yilda Tinch okeanidagi Bikini orolida “Kasl Bravo”deb nomlangan bomba sinovi o‘tkazildi – bombalar shu qadar kuchli ediki, sinov qatnashchilaridan hech biri portlashning oqibatlarini bashorat qila olmas edi. Ular esa halokatli edi, natijada butun boshli shtat kattaligidagi hudud ifloslangan, harbiylar aholini bir nechta orollardan evakuatsiya qilishga majbur bo‘lgan. Portlash paytida yuzaga kelgan radioaktiv bulut mingga yaqin yapon kemalari baliq ovlayotgan ulkan hududga tarqalib ketdi.

Foto: Google Photos

Portlash episentridan atigi yuz kilometr narida joylashgan “Fukuryu-Maru” kemasi eng yomon zarbani qabul qilib oldi. Ekipajning barcha a’zolari jiddiy nurlanish dozasini oldi va umrlarining oxirigacha nogiron bo‘lib qoldi. Oradan olti oy o‘tib, ushbu kema radisti Aykiti Kuboyama nurlanish kasalligidan juda qattiq aziyat chekdi va o‘lim to‘shagida edi. Aykiti Kuboyama: “Men yadro bombasining so‘nggi qurboni bo‘lishimga umid qilaman”, deya so‘nggi so‘zlarini aytib vafot etdi.

Pandora qutisining ochilishi

Millionlab yaponiyaliklar baliqdan voz kechdi, qirg‘oq aholisi bolalarga okeanda suzishni taqiqladi. Butun dunyoda yadro qurolini  taqiqlashni talab qilib namoyishlar boshlandi. Kasl Bravogacha AQSh hukumati yadroviy portlashlarning atrof-muhitga ta’siri haqida munozaralarni minimallashtirishga muvaffaq bo‘lgan edi. Ammo Pandora qutisi ochilib bo‘lgan edi va radioaktiv bulutlar uzoq masofalarga tarqalishi mumkinligi haqidagi fikrlar ommaviy ongga kirib ulgurgandi.

1957-yilda “Reporter” jurnalida jurnalist Pol Jeykobsning “Nevadadagi bulutlar” maqolasi nashr etildi. Jeykobs Nevada poligonida amalga oshirilgan yadroviy qurol sinovlari mahalliy aholiga qanday ta’sir qilganini bilmoqchi edi. Uning xulosalariga ko‘ra, poligon atrofidagi joylarda kasallar va nogironlar soni juda yuqori edi. Jurnalist chorva mollarini ommaviy qirilishi va boshqa muammolar haqida yozdi. Ushbu maqola ham ommaviy fikrga juda katta ta’sir qildi.

Jodugarlar ovi

1940-yillarning oxiri va 1950-yillarning boshlariga kelib har bir amerikalikning hayotiga kommunistik tahdid qo‘rquvi kirib kela boshladi. Sovuq urushning ta’sirini birinchi bo‘lib kasaba uyushmalari sezdi. Prezident Garri Truman ularni Qo‘shma Shtatlardagi kommunistik ta’sir manbayi sifatida ko‘rib, kasaba uyushmalarini ko‘plab huquq va imkoniyatlardan mahrum qildi. Davlat xizmatida tozalash ishlari boshlandi: 1951-yilga kelib, 200 ga yaqin amaldor SSSRga xayrixohlikda ayblanib ishdan bo‘shatildi. Amerikaga qarshi harakatlarni tekshirish bo‘yicha komissiya hattoki Gollivudga ham yetib bordi. Bir nechta kinoijodkorlar qamoq jazosiga hukm qilindi va bundan ham ko‘prog‘i qora ro‘yxatga kiritildi, bu esa ularning kinodagi faoliyatlari yakunini anglatardi.

Maktab o‘quvchilari himoya repetitsiyasi.

Foto: Google Photos

Yadro bombasi yaratgan san’at va adabiyot

Sovet yadro bombasining birinchi sinovi o‘tkazilgandan so‘ng AQSh yadro urushi boshlanishiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Maktablarda havo reydi paytida qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha mashqlar o‘tkazildi. Uylarda eng yaqin bombadan yashirinish mumkin bo‘lgan joylarni ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yildi va shahar atrofidagi maydonlarda bunkerlar qurilib, konservalar bilan ta’minlandi. Radio va televideniyeda tez-tez ovoz tizimining shoshilinch sinovlari o‘tkazib turildi.

Bolalikdan dahshatli va noaniq muhitda o‘sgan yoshlarga bu narsalar qattiq ta’sir ko‘rsatdi. Musiqada bu rok-n-rollning paydo bo‘lishi va Elvis Preslining mashhurligini olib keldi, ekranlarda esa yosh “sababsiz qo‘zg‘olonchi” Jeyms Din porladi va adabiyotda bit-avlod yozuvchilari Jek Keruak va Uilyam Berrouzlar katta sahnaga chiqdi.

Ilmiy fantastika janrining gullashi

Yadro tahdididan qo‘rqish ilmiy fantastika janriga mashhurlik olib keldi. Ikkinchi jahon urushidan oldin ushbu janr unchalik katta muvaffaqiyatga erishmagandi, ammo endi javob berishga aynan u tayyor edi: atom asri bizga nimalarni va’da qilmoqda?

O‘sha yillardagi fantastik filmlarining aksariyati bitta narsaga ustiga qurilgandi: yadroviy bomba yaratilishi va atom energiyasining kashf qilinishi faqat insoniyat muammolarini hal qilmadi, balki yangi muammolarni ham olib keldi. 50-yillarning ikkinchi yarmida kino va adabiyotda radiatsiya ta’siri ostida jonzotlar mutatsiyaga uchrashi haqidagi mish-mishlardan keng foydalanildi. Qoida tariqasida barcha asarlardagi radioaktiv hayvonlar odatdagidan ko‘ra kattaroq va ularni o‘ldirish juda qiyin. 1945–1965-yillarda mutantlar haqida 500 ga yaqin (!) film suratga olindi.

Yana bir dahshatli mavzu radiatsiya yoki atom portlashidan uyg‘ongan qadimgi hayvonlar haqida edi. Bu filmlarda dengiz ostidan ko‘tarilgan qadimgi yirtqich hayvonlar, eng yaqin katta shaharni – odatda, Tokio yoki Nyu-Yorkni vayron qilishga harakat qilardi. Ushbu janrning eng esda qolarli ikkita filmi 1954-yilda chiqdi. Biri AQShda suratga olingan “Ular!” filmi edi, unda Amerika armiyasi bahaybat chumolilarga qarshi kurashadi, Yaponiyada esa hozir klassik janrga aylanib ulgurgan “Godzilla” filmi suratga olindi.

“Godzilla” filmi.

Foto: Google Photos

60-yillarga kelib Kubada Karib inqirozi yuz berdi va dunyo haqiqiy yadroviy urush yoqasiga kelib qoldi. 1964-yilning o‘zida Uchinchi jahon urushiga bag‘ishlangan birdaniga uchta film chiqarildi: Stenli Kubrikning “Doktor Strenjlav” filmi, “May oyining yetti kuni” va “Xavfsizlik tizimi” filmlari dunyo yuzini ko‘rdi. Ushbu filmlarni urushga qarshi yo‘naltirilgani, AQSh Mudofaa vazirligini Amerika askarlarining jasorati va tayyorgarligini madh etuvchi filmlarni moliyalashtirishga majbur qildi.

Xulosa

50-yillarda Amerika jamiyatining eng ongli qismining asosi ilmiy fantastika bo‘ldi. Boshqa janrlarda Makkartizm va “jodugarlar ovi” gullab-yashnagan bir paytda fantast yozuvchilar kommunizmda ayblanishdan qo‘rqmasdan yozishlari mumkin edi. Ular o‘z asarlarida navbatdagi jahon urushi yoki yadroviy qurol sinovlarining dahshatli oqibatlarini ko‘rsatib berardi.

Uchinchi jahon urushi oldidagi qo‘rquvlar bekor ketmadi. Bu qo‘rquv urushga qarshi jiddiy harakatga aylandi, shu jumladan, Vyetnam urushiga qarshi ham. Ko‘plab inson huquqlari guruhlari va tabiatni muhofaza qilish tashkilotlari paydo bo‘ldi. Afsuski, oqibatlarning hammasi ham ijobiy bo‘lmadi. Yadro bombasidan qo‘rqish atom energiyasidan qo‘rqishni keltirib chiqardi va kelajakda Chernobil va Fukusima kabi dahshatli avariyalar sodir bo‘ldi. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya…

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.

Categories
Uncategorized

AQShda Elvis Preslining gitarasi 1,32 mln dollarga sotildi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

AQShda afsonaviy qo‘shiqchi Elvis Preslining gitarasi kimoshdi savdolari orqali sotildi. Musiqiy anjom 1,32 million dollarga baholandi, deb yozadi TMZ.

Foto: TMZ

Presli ushbu gitarasini 1954—1956-yillar davomida chalgan. Martin D-1 uslubidagi musiqiy anjomdan That’s Alright (Mama), Blue Moon of Kentucky hamda Good Rockin Tonight kabi xitlarni yozishda foydalanilgan.

Foto: TMZ

Auksion orqali sotilgan gitara narxi rok-n-roll qirolining hozirga qadar sotilgan buyumlari orasida rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.

Foto: TMZ

Foto: TMZ

Foto: TMZ

Foto: TMZ

Eslatib o‘tamiz, 2017-yilda Julien’s Auctions Elvis Presliga tegishli bo‘lgan to‘g‘nog‘ichni 205 ming dollarga sotgan edi.