Categories
Uncategorized

O‘zbekistonda tug‘ruqxonaga kelayotgan homilador ayollardan test topshirib kelish talab qilinayotganiga aniqlik kiritildi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Hozirgi kunda butun respublika bo‘yicha koronavirus infeksiyasini yuqtirgan homilador ayollar uchun 210 ta tug‘ruqxonalarda 4 400 dan ortiq o‘ringa ega ixtisoslashtirilgan tug‘ruq majmualari tashkil etilgan, shulardan 400 ga yaqini Toshkent shahrida. Ularda jami 3 700 nafar shifokorlar, jumladan, 2 500 nafari akusher-ginekolog, 1200 nafari neonatalog faoliyat olib bormoqda.

Skrinshot: UzreportTV

Bu haqda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Barno Abdusamatova AOKA huzurida tashkil etilgan brifingda aytib o‘tdi.

Shuningdek, mutaxassis aholidan kelgan “Ijtimoiy tarmoqlarda tug‘ruqxonaga kelayotgan ayollardan test topshirib kelish talab qilinayotgan holatlar haqida ma’lumotlar uchramoqda, test natijasini bermaguncha qabul qilinmayaptimi?”, degan savolga mutaxassis quyidagicha izoh bergan:

“Bu noto‘g‘ri fikr. Chunki har bir homilador ayolga biz yordam ko‘rsatishimiz zarur. Agar ushbu holatga uchrasangiz, ishonch telefonlariga murojaat etishingiz mumkin. Har bir tug‘ruqxona homiladorlarni koronavirus testi natijasisiz qabul qilishi shart”, — dedi Barno Abdusamatova.

Ayni paytda O‘zbekistonda umumiy aholining koronavirusdan kasallanish ko‘rsatkichida homiladorlar 0,03% ni tashkil etadi. Ularning asosiy qismi hamroh kasalliklari mavjud ayollar. Hamroh kasalliklardan xoli, faqatgina virusning o‘zi bilan og‘rigan homiladorlar orasida shu vaqtgacha o‘lim ko‘rsatkichi kuzatilmagan.

Abdusamatovaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda virusga chalingan ayollardan tug‘ilgan chaqaloq koronavirus infeksiyasiga tug‘ruqdan 12-24 soat o‘tgach tekshiriladi. Natijalarni tasdiqlash uchun takroriy test 24 soatdan keyin amalga oshiriladi. Tekshiruv uchun biomaterial sifatida burun-halqum yoki og‘iz-halqumdan surtma olinadi.