Categories
Uncategorized

Buxoroda ehtiyojmandlar uchun ajratilgan 10 milliard so‘m mablag‘ 50 ming fuqaroga tarqatib berildi

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Buxoro viloyatida Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har bir ehtiyojmand fuqaroga 200 ming so‘mdan moddiy yordam berildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev xabar berdi.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Bildirishicha, mazkur mablag‘ shahar va tumanlardagi mavjud 13 ta hudud va sektorlar bo‘yicha uyma-uy borib tarqatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi mavjud 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi moddiy yordamga muhtoj 14 ming oilaning 50 ming nafar a’zosiga ulashilgan.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

“Ajratilgan mablag‘ har bir fuqaroga 200 ming so‘mdan bo‘lib berildi. Deylik, bir oilada ishlamaydigan yordamga muhtoj to‘rt-besh kishi bo‘lsa, oilaga 800 ming so‘m yoki 1 million so‘m mablag‘ ajratildi, — deydi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Dilfuza Mustafoyeva. — Birgina G‘ijduvon tumanida 1985 ta muhtoj oila ro‘yxatga olingan bo‘lib, ushbu oilada yashovchi 8145 nafar aholi uchun umumiy qiymati 745 million 600 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari, to‘rtta sektor mutasaddilari ishtirokida jami 3728 ta oilaga kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari ham tarqatildi. Shuningdek, Qorako‘l tumanida 2483 ta oila istiqomat qilayotgan bo‘lsa, ehtiyojmand aholi qatlami 10458 nafar kishidan iborat. Qorako‘lliklarga ham umumiy qiymati 957,6 million so‘m mablag‘ manzilli yetkazib berildi”.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

Ta’kidlanishicha, ehtiyojmand oilalarga pul va oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, Qurbon hayiti munosabati bilan ikki boshdan qo‘y ham berilgan.

Foto: Buxoro viloyat hokimligi

“Shofirkon tuman hokimligi tomonidan oila a’zolarimizning har biriga pul va oziq-ovqat mahsulotlari ulashilganidan tashqari, qo‘y ham berildi. Qo‘y boqishda baraka bor, deb bejizga aytishmagan. Endi bu jonivorlarni ko‘paytirib, sigir olishga, ro‘zg‘orni sut-qatiqqa to‘ldirishga harakat qilaman”, — deydi talisafedlik Gulnoza Qosimova.