Categories
Uncategorized

“Barselona” prezidenti ta’tildan keyin jamoa safiga qaytmagan Artur haqida: “U klub va jamoadoshlariga nisbatan hurmatsizlik qildi”

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

“Barselona” prezidenti Xosep Bartomeu jamoa yarim himoyachisi Artur katalonlar tasarrufiga qaytishdan bosh tortgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi va uni tanqid ostiga oldi.

Foto: Twitter

“Barselona” avgust oyida Chempionlar Ligasining qolgan o‘yinlarida ishtirok etadi. Biroq braziliyalik futbolchi mazkur uchrashuvlarda qatnashishni istamagan va joriy hafta boshlangan mashg‘ulotlarga kelmagan. Eslatib o‘tamiz, Artur kelasi mavsumdan boshlab “Yuventus” safida harakat qiladi.

“Artur qilgan ish — bu jamoadoshlarga bo‘lgan hurmatsizlik, chunki jamoa Chempionlar Ligasida muvaffaqiyat qozonmoqchi. Bu klubga nisbatan ham hurmatsizlik. Muhim musobaqa oldidan o‘yinchi unda qatnashishni istamasligida mantiq yo‘q. Bunday qiliq mutlaqo tushunarsiz va uni hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi.

Kelishuvimizga ko‘ra, u Chempionlar Ligasining oxiriga qadar “Barselona”da o‘ynashi kerak edi. Bu chempionat va Chempionlar Ligasiga ham taalluqli edi. U jamoada ma’lum rolni o‘ynaydigan futbolchi va bizga yordam berishi mumkin.

U kichik ta’tildan keyin qaytib kelmadi. Bu intizomsizlikning yaqqol ko‘rinishi. Shu sabab biz bu borada surishtiruvni boshladik, chunki uning yo‘qligini oqlovchi hech qanday asos yo‘q.

U qo‘ng‘iroq qildi va shunday dedi: “Men qaytmayman, Braziliyada qolaman”. Bu uning qarori. Hech kim unga ruxsat bergani yo‘q”, — deydi Bartomeu.

Iyun oyida Artur 72 million yevro evaziga “Yuventus” safiga o‘tishi e’lon qilingan edi. Biroq futbolchi 2019/20-yilgi mavsum oxiriga qadar “Barselona”da qolishi aytilgandi.

Joriy mavsum futbolchi La Ligada 21 ta o‘yin o‘tkazib, uchtadan gol va golli uzatma muallifiga aylandi.

“Barselona” futbolchilari tomonidan urilgan akrobatik usuldagi top-5 gol (video)

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!