Categories
Uncategorized

Aktyorlar o‘rtasidagi muhabbat, Akshay Kumar bilan kelishmovchilik. Yash Raj Films kinokompaniyasi haqida nimalarni bilamiz?

Daryo.uz nashrining rasman xabar berishicha,

Muhabbatni tarannum etuvchi Yash Raj Films kinolarini tomosha qilmagan odam bo‘lmasa kerak. Melodrama  janrida ijod qiluvchi ushbu kinokompaniya nafaqat Bollivudda, balki dunyo miqyosida mashhurlikka erishdi. Masalan, “Qo‘rquv” (1993) tomoshabinlarga ruhiy xasta insonning ishqi haqida hikoya qiladi, “Devona qalb” (1997) sevgi uchburchagini namoyon etsa, “Vir va Zara” (2004) filmida esa sevgi hatto xalqaro munosabatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Albatta, Yash Raj Films suratga olgan filmlar bilan tanish bo‘lsangiz-da, u haqidagi qiziqarli faktlardan xabardor emassiz. Quyida kutilmagan va qiziqarli ma’lumotlarni siz bilan bo‘lishamiz.

Foto: Getty Images

Shveysariyaga bo‘lgan muhabbat

Yash Raj Films, asosan, filmlarini ochiq osmon ostida suratga olgani bilan shuhrat qozongan. Yash Chopra filmlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — Shveysariya tog‘laridagi raqs sahnalari. Bunday kartinalar filmning ajralmas an’anasiga aylangan.

Foto: Getty Images

Romantikaga ilk qadam

Bollivudning ishq-muhabbat qiroli bo‘lmish Yash bir kuni mashina boshqara turib, ko‘chalarda ilingan afishalarga ko‘z yugurtiradi. Ularning barchasida jangarilar surati aks etgan edi. Shu ondan boshlab Yash romantik filmlar uchun ssenariy yozishga qaror qildi. Filmlari boshqalarnikidan ajralib turishini maqsad qilgan rejissor “Chandni” filmiga aktrisa Shridevini taklif etdi.

Pamela Chopra faqat Yash Raj Films uchun kuylaydi

Nima uchun xonanda faqatgina ushbu kinokompaniya uchun kuylagan, degan savol paydo bo‘ldimi? Sababi Pamela Yashning rafiqasi edi, xonanda turmush o‘rtog‘i hamda o‘g‘li uchun qo‘shiqlar ijro etdi. Masalan, “Chandni” filmida Main sasural nahin jaoongi qo‘shig‘i xonanda tomonidan kuylangan.

Foto: Getty Images

Shashi Kapur kompaniyaning faqat bir filmida Amitabh Bachchanning akasini ijro etgan

Bilasizmi, deyarli barcha filmlarda Shashi Kapur Bachchanning ukasi obrazida gavdalangan. Lekin aynan aka rolini ijro etgan yagona film bu – “Sevgi rishtasi”.

Foto: Getty Images

“Tangri yaratgan juftlik” filmi ancha yillar avval yozilgan

Film ssenariysi 90-yillarda rejissor Aditya Chopra tomonidan yozilgan. Bosh rollarga Shohrux Xon hamda Manisha Koirala juftliklari tasdiqlanadi. Afsuski, bundan avval ikkisi ishtirok etgan “Bir qarashda muhabbat” melodramasi muvaffaqiyatga erishmaganidan so‘ng yangi filmning suratga olish ishlari to‘xtatiladi. Oradan naqd 10 yil o‘tib, Shohrux Xon hamda debyutant Anushka Sharma ishtirokida suratga olingan ushbu film kutilganidek natija bera oldi.

Foto: Getty Images

“Vir va Zara”dagi monolog birinchi dublda suratga olingan

Ajoyib aktyor Shohrux Xon ushbu filmda ommalashib ketgan “Men — mahbus 786” monologini birgina dublda ijro etgan. Aktyor bu bilan rejissorni ham hayratda qoldirgan, ham xursand qilgan.

Suratga olish uchun bir kun

Eng qizig‘i, “Vir va Zara” melodramasidagi qamoqxona sahnalarining barchasi atigi bir kunda suratga olingan.

Foto: Getty Images

Rishi Kapur va Nitu Singh o‘rtasidagi muhabbatning yuzaga kelishi

Juftlik 1976-yil suratga olingan “Sevgi bu — hayot” filmida uchrashdi. Muhabbat paydo qilgan film sabab san’atkorlar 1980-yilda oila qurdi hamda 40 yil davomida baxtli yashadi.

Foto: Getty Images

Yash Chopraning eng sevimli filmi: “Sevgi onlari”

Rejissor mualliflik filmlari orasidan eng sevimlisi “Sevgi onlari” ekanligini aytib o‘tgan. Eng achinarlisi shundaki, ushbu film tomoshabinlar tomonidan yaxshi qabul qilinmagan, natijada film kasodga uchragan. Bu hodisa Yashni hayratga solgan, hatto ranjitgan ham.

Foto: Getty Images

Akshay Kumar va Yash Chopra orasidagi 11 yillik nizo

1997-yil “Devona qalb” filmini suratga olish davomida Yash va’da qilgan pulni Akshayga to‘lamaganligi uchun ular orasida kelishmovchilik paydo bo‘ladi. Bu nizo 11 yil davom etadi.

Foto: Getty Images

Yash Raj Films mahsuloti  – “O‘g‘irlanmagan kelin” filmiga bir qancha rejissorlar ham muxlislik qiladi. Jumladan, ular orasida taniqli rejissor Suraj Barjatiya ham bor. Ma’lumotlarga ko‘ra, Suraj yangi film ustida ishlashdan avval qayta-qayta “O‘g‘irlanmagan kelin”ni tomosha qilar ekan. Demak, rejissor ushbu filmni necha marta ko‘rganini taxmin qilish qiyin emas.